Fuqarolarning murojaatlari, agar ular qo‘yilgan masalalarni hal etish vakolat doirasiga kirmaydigan davlat organiga yuborilgan bo‘lsa, uzog‘i bilan besh kunlik muddat ichida tegishli organlarga jo‘natiladi va bu haqda fuqaroga xabar qilinadi. Murojaatlarni ko‘rib chiqishi uchun boshqa davlat organlariga asossiz ravishda berish yoki qarori yohud harakati ustidan shikoyat qilinayotgan davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning o‘ziga jo‘natish man etiladi. Agar fuqarolarning murojaatlarida ularni tegishli organlarga jo‘natish uchun zarur ma’lumotlar bo‘lmasa, bu murojaatlar xuddi shu muddat mobaynida asoslantirilgan tushuntirish bilan fuqaroning o‘ziga qaytariladi.
Fuqarolarning murojaatlarini har taraflama mufassal va xolisona ko‘rib chiqish uchun qo‘shimcha axborotlar, ma’lumotnomalar va materiallarga zarurat paydo bo‘lsa, mazkur murojaatni ko‘rib chiqayotgan davlat organining mansabdor shaxsi qo‘shimcha axborot to‘plashi mumkin.
Fuqarolarning murojaatini ko‘rib chiqayotgan davlat organi zarur hollarda murojaat joyning o‘zida ko‘rib chiqilishini ta’minlashi kerak.
Alohida hollarda, murojaat etgan shaxsning o‘zi yoki boshqa shaxs yo‘qligida murojaatni ko‘rib chiqishning imkoni bo‘lmasa, ular davlat organining mansabdor shaxsi tomonidan chaqirilishi mumkin.
Fuqarolarning murojaatlari bo‘yicha qabul qilingan qarorlarni davlat organining rahbari yoki boshqa vakolatli mansabdor shaxsi imzolaydi.
Fuqarolarning takliflari tushgan kundan e’tiboran bir oygacha bo‘lgan muddat ichida ko‘rib chiqiladi, qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan takliflar bundan mustasno va bu haqda taklif kiritgan shaxsga o‘n kunlik muddat ichida ma’lum qilinadi.
Ariza yoki shikoyatlar masalani mohiyatan hal etishi shart bo‘lgan davlat organiga tushgan kundan e’tiboran bir oygacha bo‘lgan muddat ichida, qo‘shimcha o‘rganishni va tekshirishni talab etmaydigan ariza yoki shikoyatlar esa o‘n besh kundan kechiktirmay ko‘rib chiqiladi.
Ariza yoki shikoyatni ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallar talab qilib olish yoki boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, ariza yoki shikoyatni ko‘rib chiqish muddati tegishli davlat organi rahbari tomonidan istisno tariqasida uzog‘i bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin va bu haqda ariza yoki shikoyat bergan shaxsga ma’lum qilinadi.Qabul qilingan murojaatlar
: