O‘zbekiston va JICA - meva-sabzavotchilik tarmog‘ining rivojlanishi borasida katta odimlar
🇺🇿🇯🇵Ayni kunlarda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi prezidenti Akixiko Tanaka boshchiligidagi Yaponiya delegatsiyasini mamlakatimizda bo‘lib turibdi. Bugun delegatsiya a’zolari loyiha doirasida moliyalashtirilgan korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida Samarqand viloyati Urgut tumanida tashkil etilgan “Zuhro Handa” MCHJ korxonasida bo‘ldilar.
Uchrashuvda Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi ishtirokidagi “Meva-sabzavotchilik tarmog‘ida qo‘shilgan qiymat zanjiri yaratishni rivojlantirish” loyihasi mas'ullari va konsultantlari hamda viloyat vakillari ishtirok etdi.
Viloyatda joylashgan “Zuhro Handa” MCHJ korxonasi 2022 yilda loyiha doirasida 1 mln AQSh dollari miqdorida moliyalashtirilgan bo‘lib, bu yerda mahsulotni qayta ishlash, saralash va qadoqlash ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Korxonada “Sultani”, “Qizilcha”, “Golden”, “Qora mayiz” singari uzum navlari quritilib, yurtimiz bozorlarini ta’minlash bilan bir qatorda xalqaro darajada eksport ishlari ham amalga oshirilib kelinmoqda.
📌 Xususan, o‘tgan 2024-yilda 1300 tonna (2,5 mln dollarlik) mayiz Rossiya hamda Turkiya davlatlariga eksport qilindi.
Mazkur korxonada bugungi kunda 30 ta doimiy va 50 dan ortiq mavsumiy ishchilar faoliyat yuritib kelmoqda.
Rejalar bisyor. Shubhasiz, natijalar ulkan bo‘ladi.
22.01.2025